Termiz muhandislik-texnologiya instituti

Umumiy to'plangan ballari

86.803

https://tiet.uz/

762218720

Termiz muhandislik-texnologiya instituti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-iyundagi “Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3101-son qarori asosida Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiali tashkil etilgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 3-dekabrdagi “Termiz muhandislik-texnologiya instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-30-son qarori bilan filial Termiz muhandislik-texnologiya institutiga aylantirilgan.

Institutda kunduzgi, sirtqi va ikkinchi oliy ta’lim shakllari bo‘yicha bakalavrlar, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar, tayanch doktorantura ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlanadi.
Hozirgi kunda institutda 4 ta fakultet, 14 ta kafedrada 27 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 5808 nafar bakalavrlar, 5 ta mutaxassislik boʻyicha 75 nafar magistrantlar tahsil olmoqda va 2 ta ixtisoslik bo‘yicha 4 nafar doktorant va 2 nafar mustaqil tadqiqotchilar ilmiy izlanishlar olib borishmoqda.

Institut qoshida 1 ta ko‘p tarmoqli texnikum, 1 ta akademik litsey, 1 ta o‘quv poligoni, haydovchilik kursi, robototexnika va karyera markazlari faoliyat yuritmoqda. Haydovchilik kursida talabalarga arzonlashtirilgan narxlarda avtomobil va traktorlarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnoma olish imtiyozi mavjud. 10 gektar yerda bog‘ barpo qilingan va institut professor-o‘qituvchilari ilmiy izlanishlarini olib borishmoqda.

O‘quv jarayonida foydalanish uchun avtomobil xo‘jaligi, elektr energetikasi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, materiallar qarshiligi, fizika, kimyo, biologiya, qurilish materiallari o‘quv laboratoriyalari hamda chilangarlik, tikuvchilik ustaxonalari tashkil etilgan.
Axborot resurs markazi

Axborot resurs markazida (ARM) bepul internet xizmati ishga tushirilgan. Ta’lim jarayonlarida samarali foydalanilayotgan videokonferensaloqa vositalari mavjud.

ARMda bosma turdagi resurslar 4541 nomda 16928 dona (darslik 5733 dona, o‘quv qo‘llanma 6697 dona, badiiy adabiyot 2219 dona, siyosiy 292 dona, Prezident asarlari 296 dona, ilmiy-ommabop risola 241 dona, lug‘at 137 dona, albom 65 dona, uslubiy qo‘llanma 41 dona) adabiyotlar, https://libtiet.uz elektron kutubxona saytida 8578 ta elektron adabiyotlar mavjud.

Talabalarga qo‘shimcha foydalanish uchun Navoiy davlat konchilik instituti va Termiz davlat universitetlarining ARMlarining elektron fondidan foydalanish imkoniyatlari yaratilgan. ARMning ish vaqti soat 8:00 dan 22:00 gacha.

Ish beruvchi korxona va tashkilotlar bilan aloqalar

Institut 70 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. Talabalarning o‘quv mashg‘ulotlari, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun Surxondaryo ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Surxondaryo viloyat avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi, Transport boshqarmasi, Termiz mexanika zavodi, Surxon don mahsulotlari AJ, Janub loyiha MChJ, Surxondaryo hududiy Elektr tarmoqlari korxonasi AJ, O‘Z-Test Surxondaryo filiali davlat unitar korxonalarida kafedra filiallari ochilgan.

Institutda ish beruvchi korxonalar bilan bitiruvchi talabalarning muntazam aloqalari uchun Karyera markazi tashkil etilgan. 2021/2022-yilida Termiz muhandislik-texnologiya institutini 8 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan 371 nafar bitiruvchilar iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritmoqda va 83,8 foiz bitiruvchilarning bandligi ta’minlangan.

              Yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish va qo‘llab-quvvatlash

Institutda asosiy shtatda 151 nafar, o‘rindoshlik asosida 73 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib boradi. Ulardan 39 nafari ilmiy darajali professor-o‘qituvchilardir. Shundan, 3 nafari fan doktori, professorlar, 36 nafari fan nomzodi, (PhD), dotsentlar. Ilmiy salohiyat 26% ni tashkil etadi.

Respublikamizning yetakchi OTM va ITIlarida institutning yosh o‘qituvchilaridan 28 nafari falsafa doktori (PhD), 1 nafari doktorlik (DSc) ilmiy darajalari olish uchun maqsadli doktoranturada ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Institutda 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab ingliz tili savodxonligini oshirish bo‘yicha yosh olimlar hamda talabalarga o‘quv kurslari faoliyat ko‘rsatmoqda.  

Institutda ijtimoiy-madaniy tadbirlar

Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli xil klublar, to‘garaklar, ingliz tili, muhandislik grafikasi o‘quv kurslari, sport sog‘lomlashtirish markazlari faoliyat yuritmoqda.

Ma’naviy-ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladigan ZAKOVAT intellektual o‘yinlari, talaba-yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish madaniyatini keng targ‘ib etuvchi tadbirlar, adabiyot, san’at va madaniyat oyliklari, talabalar ishtirokidagi konsertlar, xayriya tadbirlari, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlari va turkum tadbirlar doimiy tashkil etib boriladi.